YouVersion Logo
Search Icon

Luqo 2:8-20

Luqo 2:8-20 O‘ZBMK

Baytlahm yaqinida choʻponlar bor edi. Ular tunda yaylovdagi suruvini qoʻriqlash uchun dalada yotib qolgan edilar. Ularning qarshisida Egamizning bir farishtasi paydo boʻldi, Egamizning ulugʻvorligi ularning atrofini yoritib yubordi. Choʻponlar qattiq vahimaga tushdilar. Ammo farishta ularga shunday dedi: — Qoʻrqmanglar! Men sizlarga Xushxabar olib keldim. Bu xabar hammaga buyuk quvonch keltiradi. Bugun Dovud shahrida sizlar uchun Najotkor tugʻildi. U Masihdir, bizning Rabbimizdir. Mana, sizlarga Uning belgisi: oxurda yotgan, yoʻrgaklangan Chaqaloqni topasizlar. Birdan farishtaning yonida samo lashkari boʻlmish son–sanoqsiz farishtalar paydo boʻldi. Ular Xudoga hamdu sano aytishardi: “Falak toqidagi Xudoga sharaflar boʻlsin, Xudodan marhamat topgan yerdagi bandalarga tinchlik kelsin!” Farishtalar osmonga koʻtarilib ketgandan keyin, choʻponlar bir–biriga dedilar: — Qani, Baytlahmga boraylik! Egamiz bizga aytgan voqea yuz berganini koʻraylik! Ular shosha–pisha bordilar, Maryam, Yusuf va oxurda yotgan Chaqaloqni koʻrdilar. Ular Chaqaloqni koʻrib, farishta bu Chaqaloq toʻgʻrisida nimalar aytganini gapirib berdilar. Choʻponlarning gapini eshitganlarning hammasi hayratga tushdi. Maryam esa bu soʻzlarning barini diliga tugib olib, chuqur oʻylab yurdi. Choʻponlar qaytib ketayotib, Xudoni ulugʻlab, Unga hamdu sanolar aytdilar. Chunki eshitgan va koʻrganlarining hammasi xuddi farishta aytganday sodir boʻlgandi.

Free Reading Plans and Devotionals related to Luqo 2:8-20