Levilar 8
8
8–BOB
Horun va uning oʻgʻillari ruhoniy qilib tayinlanadilar
1Egamiz Musoga dedi: 2“Horun va uning oʻgʻillarini Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kel, ular bilan birga ruhoniylik liboslarini, muqaddas qiladigan moyni#8:2 muqaddas qiladigan moy — zaytun moyi va ziravorlarning maxsus aralashmasidan tayyorlanib, faqat ruhoniylar tomonidan diniy marosimlarni ado etish uchun ishlatilgan (Chiqish 30:22-33 ga qarang)., gunoh qurbonligi uchun buqani, ikkita qoʻchqorni va bir savat xamirturushsiz nonni olib kel. 3Soʻng butun jamoani oʻsha yerga toʻpla.”
4Muso Egamizning aytganini qildi. Jamoa Uchrashuv chodiriga kiraverishda toʻplangach, 5Muso ularga dedi: “Men hozir Egam bergan amrni bajaraman.”
6Muso Horun va uning oʻgʻillarini oldinga chiqarib yuvintirdi. 7Soʻng Horunning ustiga koʻylakni kiydirib, beliga belbogʻni bogʻladi. Ustidan ridoni kiydirib, efodni taqdi. Soʻng beliga efodning nafis naqshinkor kamarini bogʻlab, efodni mahkamladi. 8Koʻksiga koʻkrakpech#8:7-8 …efod…8…koʻkrakpech… — lugʻatdagi RUHONIY soʻzi ostida berilgan OLIY RUHONIY iborasiga ishlangan rasmlarga qarang. taqib, koʻkrakpech xaltasining ichiga Urim va Tummimni#8:8 Urim va Tummim — ayrim hollarda ruhoniylar Xudoning xohishini bilish uchun foydalanadigan ikkita muqaddas narsa. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun Chiqish 28:15 ning ikkinchi izohiga qarang. soldi. 9Horunning boshiga sallani kiydirdi. Egamizning Musoga bergan amriga binoan sallaning old tomoniga oltin lavhani oʻrnashtirdi, bu lavha Horun Egamizga bagʻishlanganini bildirar edi.
10Soʻng Muso Muqaddas chodirga va uning ichidagi hamma ashyolarga muqaddas qiladigan moydan surtib chiqib, ularni muqaddas qildi. 11Qurbongoh ustiga moydan yetti marta sachratdi. Soʻng qurbongohga, qurbongoh buyumlariga, qoʻlyuvgichga va qoʻlyuvgich tagligiga moydan surtib, ularni muqaddas qildi. 12U Horunning boshiga ham muqaddas qiladigan moydan surtib, Horunni Egamizning xizmatiga bagʻishladi. 13Soʻng Egamizning amriga koʻra, Horunning oʻgʻillarini oldinga chiqarib, ularning ustiga koʻylaklar kiydirdi, bellariga belbogʻlar, boshlariga peshanabogʻlar bogʻladi.
14Keyin Muso gunoh qurbonligi qilinadigan buqani yetaklab keldi. Horun va uning oʻgʻillari qoʻllarini buqaning boshiga qoʻyishdi. 15Muso buqani soʻydi. Qurbongohni poklash uchun barmogʻini qonga botirib, qonni qurbongohning shoxlariga#8:15 qurbongohning shoxlari — 4:25 izohiga qarang. surtib chiqdi. Qonning qolganini qurbongohning yoniga toʻkdi. Shu yoʻsin u qurbongohni poklab, Egamizga bagʻishladi. 16Soʻng buqaning ichak–chovoqlarini qoplagan hamma yogʻlarni, jigarning aʼlo qismini#8:16 jigarning aʼlo qismi — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi jigarning turtib chiqqan joyi (shu bobning 25–oyatida ham bor). 3:4 izohiga qarang., ikkala buyragini va buyrak atrofidagi yogʻlarini ajratib olib, qurbongoh ustida kuydirdi. 17Buqaning oʻzini esa terisi, goʻshti va ichak–chovoqlari bilan birga, Egamizning amriga koʻra, qarorgohning tashqarisiga olib chiqib kuydirdi.
18Soʻng Muso kuydiriladigan qurbonlik qilish uchun qoʻchqorni olib keldi. Horun va uning oʻgʻillari qoʻllarini qoʻchqorning boshiga qoʻyishdi. 19Muso qoʻchqorni soʻyib, qonidan qurbongohning toʻrtala yon tomoniga sepib chiqdi. 20Soʻng qoʻchqorning tanasini boʻlaklarga boʻlib, kallasini, boʻlaklarini va yogʻini qurbongoh ustida kuydirdi. 21Ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuvib, qoʻchqorni butunlay qurbongoh ustida kuydirdi. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid bordi. Muso hammasini Egamizning amriga binoan bajardi.
22Soʻng Muso ikkinchi qoʻchqorni yetaklab keldi. Horun va uning oʻgʻillarini ruhoniylikka tayinlash marosimida keltiriladigan qurbonlik shu edi. Horun va uning oʻgʻillari qoʻllarini qoʻchqorning boshiga qoʻyishdi. 23Muso qoʻchqorni soʻyib, qoʻchqorning qonidan Horunning oʻng qulogʻi solinchagiga#8:23 solinchak — quloqning pastki yumshoq qismi., oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga surtdi. 24Soʻng Muso Horunning oʻgʻillarini oldinga chiqarib, qoʻchqorning qonidan ularning oʻng quloqlari solinchaklariga, oʻng qoʻllari bosh barmoqlariga va oʻng oyoqlari bosh barmoqlariga surtdi. Qonning qolganini esa qurbongohning toʻrtala yon tomoniga sepib chiqdi. 25U qoʻchqorning yogʻini, chunonchi, dumbasini, ichak–chovoqlarini qoplab turgan yogʻlarni, jigarning aʼlo qismini, ikkala buyragini, buyrak atrofidagi yogʻlarini va oʻng sonini ajratib oldi. 26Egamiz huzuridagi xamirturushsiz nonlar solingan savatdan#8:26 xamirturushsiz nonlar solingan savat — shu bobning 2–oyatiga va Chiqish 29:1-3 ga qarang. xamirturushsiz nondan bittasini, zaytun moyi qoʻshilgan nondan bittasini va chalpakdan bittasini olib, qoʻchqorning yogʻi va oʻng soni ustiga qoʻydi. 27Muso bularning hammasini Horun va oʻgʻillarining qoʻliga tutqazdi. Ular bularni Egamizga bagʻishlaganini koʻrsatish uchun yuqoriga koʻtardilar. 28Soʻng Muso bu nazrlarni ularning qoʻllaridan olib, qurbongoh ustida kuydiriladigan qurbonlik bilan birga kuydirdi. Olovda kuydirilgan bu nazrlardan Egamizga yoqimli hid bordi. Ruhoniylikka tayinlash marosimida keltirilgan nazrlar shular edi. 29Keyin Muso toʻshni olib, uni Egamizga bagʻishlaganini koʻrsatish uchun yuqoriga koʻtardi. Egamizning amriga binoan ruhoniylikka tayinlanish marosimida qurbonlik qilingan qoʻchqorning bu qismi Musoga tegadigan ulush edi.
30Muso muqaddas qiladigan moydan va qurbongoh ustidagi qondan olib, Horunga va uning liboslariga hamda Horunning oʻgʻillariga va ularning liboslariga sachratdi. Shunday qilib, u Horunni va uning liboslarini hamda Horunning oʻgʻillarini va ularning liboslarini muqaddas qildi.
31Muso Horun va uning oʻgʻillariga dedi: “Uchrashuv chodiriga kiraverishda qurbonlikning goʻshtini pishiringlar. Goʻshtni oʻsha yerning oʻzida, savatdagi nazr qilingan nonlarga qoʻshib yenglar. Zotan, bu Egamizning amridir. 32Ortib qolgan goʻsht va nonni kuydiringlar. 33Ruhoniylikka tayinlash marosimi tamom boʻlgunga qadar, yetti kun davomida Uchrashuv chodiri kiraverishidan jilmanglar. 34Biz bugungi marosimni Egamizning amriga koʻra, sizlarni gunohdan poklash uchun ado etdik. 35Sizlar Uchrashuv chodiriga kiraverishda kechayu kunduz yetti kun davomida boʻlib, Egamizning barcha talablarini bajaringlar. Shunda nobud boʻlmaysizlar. Egamizning amri shudir.”
36Horun va uning oʻgʻillari Egamizning Muso orqali bergan hamma amrlarini bajardilar.
Currently Selected:
Levilar 8: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020