Yuhanno 3
UZLBC

Yuhanno 3

3
3–BOB
Iso va Nikodim
1Yahudiy yoʻlboshchilaridan Nikodim ismli bir odam bor edi, u farziylar mazhabida edi. 2Bu odam bir kuni kechasi Isoning oldiga kelib, Unga dedi:
— Ustoz, Siz Xudodan kelgan bir muallim ekanligingizni biz bilamiz. Agar Xudo Siz bilan boʻlmaganda edi, Siz bunday moʻjizali alomatlarni qila olmas edingiz.
3Iso unga shunday javob berdi:
— Sizga chinini aytay: qaytadan#3:3 qaytadan — bu oʻrinda ishlatilgan yunoncha soʻz qaytadan yoki yuqoridan degan maʼnolarni bildiradi. Muallif bu ikkala maʼnoni ham nazarda tutgan boʻlishi mumkin. Bu yunoncha soʻz shu bobning 7, 31–oyatlarida ham ishlatilgan. tugʻilmagan bironta odam Xudoning Shohligini#3:3 Xudoning Shohligi — Xudoning hozirgi paytda insonlar hayotidagi hukmronligi va oxiratda har bir yaratilgan mavjudotning yangilanishiga ishora. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING SHOHLIGI iborasiga qarang. koʻrolmaydi.
4— Keksa odam tugʻila olarmidi?! U onasining qorniga qayta kirib, yana tugʻila olmaydi–ku! — dedi Nikodim. 5Iso shunday javob berdi:
— Sizga chinini aytay: suvdan va Ruhdan tugʻilmagan bironta odam Xudoning Shohligiga kirolmaydi. 6Odam jismonan ota–onadan tugʻiladi, ruhan esa Muqaddas Ruhdan tugʻiladi. 7“Sizlar qaytadan tugʻilishingiz kerak” deganimga taajjublanmang. 8Ruh xuddi shamolga oʻxshaydi. Shamol istagan joyda esaveradi. Uning tovushini eshitasiz–u, lekin qaysi tomondan kelib, qaysi tomonga ketishini bilmaysiz. Ruhdan tugʻilgan har bir kishida ham shunday boʻladi.
9— Bu qanday boʻlishi mumkin? — deb soʻradi Nikodim. 10Iso unga shunday javob berdi:
— Siz Isroilning ustozisiz–ku! Nahotki shuni bilmasangiz?! 11Sizga chinini aytay: biz bilganimizni soʻzlaymiz, koʻrganimiz haqida shahodat beramiz. Lekin sizlar bizning shahodatimizni qabul qilmayapsizlar. 12Agar sizlar yerdagi narsalar haqida aytganlarimga ishonmasangizlar, samoviy narsalar toʻgʻrisida gapirganlarimga qanday ishonasizlar? 13Osmondan tushgan#3:13 Osmondan tushgan… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida osmonda istiqomat qiladigan va osmondan tushgan. Inson Oʻgʻlidan boshqa hech kim osmonga chiqqan emas. 14Muso sahroda bronza ilonni#3:14 bronza ilon — Sahroda 21:4-9 ga qarang. xodaga mahkamlab, qanday yuqoriga koʻtargan boʻlsa, Inson Oʻgʻli ham xuddi shunday yuqoriga koʻtarilishi kerak#3:14 Inson Oʻgʻli ham xuddi shunday yuqoriga koʻtarilishi kerak… — Isoning xochdagi oʻlimiga ishora (12:31-33 ga qarang).. 15Shu tariqa imonga kelgan har bir kishi U orqali abadiy hayotga ega boʻladi#3:15 …imonga kelgan har bir kishi U orqali abadiy hayotga ega boʻladi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Unga ishongan hech bir kishi halok boʻlmaydi, balki abadiy hayotga ega boʻladi..
16Zero#3:16 Zero… — shu bobning 16-21–oyatlari Isoning gaplari boʻlishi mumkin yoki Yuhanno Isoning soʻzlaridan xulosa chiqarib yozayotgan boʻlishi mumkin., Xudo olamni shunchalik sevdiki, Oʻzining yagona Oʻgʻlini berdi. Toki Unga ishonganlardan birontasi halok boʻlmasin, balki abadiy hayotga ega boʻlsin. 17Xudo dunyoni hukm qilish uchun emas, balki Oʻgʻli orqali qutqarish uchun Uni dunyoga yubordi. 18Unga ishongan odam hukm qilinmaydi. Unga ishonmagan odam esa allaqachon mahkum boʻlgan, chunki u Xudoning yagona Oʻgʻliga ishonmadi.
19Hukm shunday dalilga asoslangan: dunyoga nur keldi, ammo odamlar nurdan koʻra, zulmatni yaxshi koʻrdilar, chunki ularning qilmishlari yovuz edi. 20Qabihlik qilgan odam nurdan nafratlanadi. Qilmishlari fosh boʻlmasligi uchun u nurdan qochadi. 21Haqiqat yoʻlini tutgan odam esa nurga keladi. Bunday odamning ishlari Xudo orqali qilinganligini nur hammaga ayon qiladi.
Yahyo choʻmdiruvchi Iso Masih haqida guvohlik beradi
22Shundan keyin Iso shogirdlari bilan Yahudiya oʻlkasiga bordi. Iso ular bilan bir qancha vaqt u yerda qolib, odamlarni suvga choʻmdirdi. 23Yahyo ham Saleym degan joyning yaqinidagi Eynon yerida#3:23 …Saleym…Eynon yeri… — ularning qayerda joylashgani bahsli. xalqni suvga choʻmdirardi. U yer nihoyatda sersuv edi. Odamlar doim Yahyoning oldiga kelib, suvga choʻmdirilardi. 24Bu hodisalar Yahyo zindonga tashlanishdan#3:24 …Yahyo zindonga tashlanishdan oldin… — Mark 6:17-18 ga qarang. oldin yuz bergan edi.
25Shu mahal Yahyoning shogirdlari bilan bir yahudiy kishi orasida tahorat haqida bahs boʻldi. 26Ular Yahyoning oldiga borib dedilar:
— Ustoz! Iordan daryosining sharqiy qirgʻogʻida yoningizdagi bir Odam haqida guvohlik bergan edingiz–ku, oʻsha Odam xalqni suvga choʻmdirib yuribdi, hamma Uning oldiga boryapti.
27Bunga javoban Yahyo dedi:
— Agar osmondan berilmasa, inson hech narsa qila olmaydi. 28“Men Masih emasman, faqat Uning oldidan yuborilganman”, deb aytgan soʻzlarimga oʻzlaringiz guvohsizlar. 29Kelin kuyovga tegishlidir. Kuyov joʻra esa kuyov yonida turib, uning ovozini eshitganidan sevinib xursand boʻladi. Xuddi shunday men ham bugun benihoyat shodman. 30Masih yuksalishi, men esa pasayishim kerak.
31Yuqoridan#3:31 Yuqoridan… — shu bobning 31-36–oyatlari Yahyoning gaplari boʻlishi mumkin yoki Yuhanno Yahyoning soʻzlaridan xulosa chiqarib yozayotgan boʻlishi ham mumkin. kelgan Zot hammadan ustundir. Yerdan boʻlgan odam yerga mansubdir va yerga xos masalalar toʻgʻrisida gapiradi. Osmondan Kelgan esa hammadan ustundir. 32U koʻrgani va eshitgani haqida guvohlik beradi, ammo hech kim Uning guvohligini qabul qilmaydi. 33Uning guvohligini qabul qilgan kishi esa Xudoning haqligini tasdiqlaydi. 34Xudo yuborgan Zot Xudoning soʻzlarini gapiradi. Zero, Xudo Oʻz Ruhini Unga cheksiz–oʻlchovsiz beradi. 35Ota Oʻgʻlini yaxshi koʻradi, U hamma narsani Oʻgʻlining qoʻliga topshirgan. 36Xudoning Oʻgʻliga#3:36 Xudoning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang. ishongan har bir odam abadiy hayotga ega boʻladi. Oʻgʻilni rad etgan odam esa hayot koʻrmay, Xudoning gʻazabi ostida qoladi.

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020


Learn More About Muqaddas Kitob